Agentlikdan mediaplan oldingizmi? Budjetni tasdiqlashdan oldin, taklif qilingan kanallar va ko‘rsatkichlar maqsadingizga qanchalik mos kelishini tekshiring. Quyidagi savollar bunda yordam beradi.

1. KPI brifdagi maqsadlarga mosmi?

Maqsad qamrov bo‘lsa — noyob qamrov va reklama ko‘rsatish chastotasi kerak. Saytga trafik bo‘lsa — tashriflar va bir tashrif narxi. Murojaatlar yoki sotuvlar bo‘lsa — maqsadli konversiyalar soni va narxi.

2. Natijaning narxi ko‘rsatilganmi?

Faqat ko‘rsatishlar, kliklar yoki murojaatlar soni yetarli emas. Rejada maqsadga mos narx ko‘rsatkichlari ham bo‘lishi kerak: CPM, CPC, bir murojaat, xarid yoki yangi mijozni jalb qilish narxi.

3. Nega aynan shu kanallar tanlangan?

Har bir kanal qanday vazifani bajaradi? Tanlov nimaga asoslangan: oldingi kampaniyalar, auditoriya xatti-harakati, bozor natijalari yoki tekshirilishi kerak bo‘lgan gipotezagami?

4. Nega budjet aynan shunday taqsimlangan?

Masalan, maqsad — qamrov. Bir kanalda CPM 5 000 so‘m, boshqasida 7 000 so‘m, lekin budjetlar teng. Agar birinchi kanalda ortiqcha takroriy ko‘rsatishlarsiz maqsadli auditoriya qamrovini oshirish imkoniyati bo‘lsa, nega unga ko‘proq budjet ajratilmagan?

Maqsad murojaatlar bo‘lsa ham savol o‘xshash: samarali kanaldan ko‘proq sifatli murojaat olish mumkinmi? Narxni natija sifati va hajmni oshirish imkoniyati bilan birga baholang.

5. Auditoriya to‘g‘ri tanlanganmi?

U hudud, til, ehtiyojlar va boshqa muhim belgilar bo‘yicha brifga mosmi? Agentlik bu insonlarni qanday sozlamalar va ma’lumotlar yordamida topmoqchi?

6. Prognoz ko‘rsatkichlari qanchalik asosli?

CPM, CPC va konversiya narxi oldingi kampaniyalaringiz hamda bozor ko‘rsatkichlariga mos keladimi? Mavsum, format, auditoriya va reklama maqsadi hisobga olinganmi?

7. Murojaatlar va sotuvlar prognozi nimaga asoslangan?

Hisob-kitobda saytning qanday konversiya darajasi qo‘llangan va bu raqam qayerdan olingan? Sotuv prognozida murojaatlar sifati va savdo bo‘limining konversiyasi hisobga olinganmi? Amaldagi ko‘rsatkichlar pastroq bo‘lsa, natija qanday o‘zgaradi?

8. Qanday chastota belgilangan va nega?

Bir inson reklamani muayyan davrda necha marta ko‘radi? Bu chastota kampaniya maqsadiga qanday bog‘liq? Ortiqcha takroriy ko‘rsatishlar, jumladan retargetingda, qanday cheklanadi?

9. Kanallar auditoriyasining kesishishi qanday hisobga olinadi?

Qamrov kampaniyasida — umumiy noyob qamrov qanday hisoblangan? Konversiyaga yo‘naltirilgan kampaniyada — bitta murojaat yoki xarid bir nechta reklama tizimida takroran hisoblanishining oldi qanday olinadi?

10. Aynan nima natija deb hisoblanadi?

Har qanday to‘ldirilgan shaklmi yoki sifatli murojaatmi? Rasmiylashtirilgan buyurtmami yoki to‘langan xaridmi? Barcha xaridorlarmi yoki faqat yangi mijozlarmi? Bularni reklama boshlanishidan oldin kelishib olish kerak.

11. Analitika natijalarni o‘lchashga tayyormi?

Maqsadlar, hodisalar, UTM-belgilar va zarur bo‘lsa, CRM’dan ma’lumot uzatish sozlanganmi? Natijani qaysi ma’lumot manbasi, atributsiya modeli va davri asosida baholaysiz?

12. Testlar rejalashtirilganmi?

Qaysi auditoriyalar, kreativlar yoki kanallar tekshiriladi? Qancha budjet ajratilgan, xulosa qilish uchun ma’lumot yetarlimi va muvaffaqiyatli variantlar qanday mezonlar asosida tanlanadi?

13. Hisobot qanchalik tez-tez taqdim etiladi?

Unda amaldagi natijalar reja bilan taqqoslanadimi? Xarajatlar, natijaning narxi va sifati, xulosalar hamda keyingi qadamlar bo‘ladimi? Jiddiy og‘ishlar haqida agentlik qachon xabar beradi?

14. Kampaniyaga qanday tuzatishlar kiritiladi?

Qaysi holatlarda budjetlar, stavkalar, auditoriyalar va kreativlar qayta ko‘rib chiqiladi? Agentlik qaysi o‘zgarishlarni mustaqil kiritadi, qaysilarini siz bilan kelishadi?

📌 Yaxshi mediaplan qanday natija uchun pul ajratayotganingizni, nega aynan shu yondashuv tanlanganini va reklama boshlanganidan keyin budjet qanday boshqarilishini tushunishga yordam beradi.