Tasavvur qiling: siz kreativni o‘zgartirib, uni yangi auditoriyaga ko‘rsatdingiz. Murojaatlar ko‘paydi. Natijaga reklamaning o‘zi, auditoriya yoki ularning uyg‘unligi ta’sir qildimi? Javob reklama va budjet bilan keyin nima qilishni belgilaydi.
A/B-test — ikki variantni taqqoslanadigan sharoitlarda solishtirish. Muayyan parametrning ta’sirini tushunish uchun aynan shu parametrni alohida o‘zgartiring.
1. Nimani tekshirmoqchi ekaningizni tanlang
🎨 Bir auditoriyada kreativlar. Masalan, bir xizmat reklamasida foto va videoni solishtiring. Ikkala e’londa auditoriya sozlamalari, taklif, landing sahifa va kampaniya maqsadi bir xil bo‘lsin. Faqat kreativ o‘zgaradi. Reklama kabinetida A/B-test rejimi bo‘lsa, undan foydalaning. Oddiy kampaniyada algoritm bir e’longa ko‘proq ko‘rsatish berishi va natijalarni solishtirish qiyinlashishi mumkin.
👥 Bir xil kreativ bilan auditoriyalar. Sifatli murojaat keng auditoriyada arzonroqmi yoki qiziqishlarga asoslangan auditoriyadami — shuni tekshiring. Bir xil e’lon, taklif va landing sahifadan foydalaning. Targeting sozlamalari o‘zgaradi.
💰 Takliflar. Bir auditoriyada 10% chegirma va bepul yetkazib berishni solishtiring. E’lon formatini saqlab, mijoz uchun shartlarni o‘zgartiring. Natijani baholashda biznes har bir taklif bo‘yicha buyurtmadan qancha daromad olishini hisobga oling.
🌐 Landing sahifalar. Bir e’londan tashrif buyuruvchilarni sahifaning ikki variantiga yo‘naltiring: birida forma beshta, ikkinchisida uchta maydondan iborat. Maqsadli murojaat qoldirgan tashrif buyuruvchilar ulushini solishtiring.
Kreativlar va auditoriyalarni birga tekshirmoqchi bo‘lsangiz, ikkita alohida test o‘tkazing. Avval bir auditoriyada kreativlarni solishtiring, keyin bitta kreativ bilan auditoriyalarni tekshiring. Birinchi auditoriyada yaxshi ishlagan kreativ boshqa auditoriyada boshqacha natija berishi mumkin.
2. Asosiy ko‘rsatkichni oldindan tanlang
Qanday qaror qabul qilmoqchi ekaningizdan boshlang. Agar ko‘proq sifatli murojaat olish uchun budjetni qaysi e’longa yo‘naltirishni bilmoqchi bo‘lsangiz, asosiy ko‘rsatkich maqsadli murojaat narxi bo‘lishi mumkin.
Har bir e’longa 1 mln so‘mdan sarflandi, deylik:
- A varianti: 200 ta klik va 10 ta maqsadli murojaat. Bir murojaat narxi — 100 000 so‘m.
- B varianti: 150 ta klik va 20 ta maqsadli murojaat. Bir murojaat narxi — 50 000 so‘m.
Kliklar bo‘yicha A, maqsadli murojaat narxi bo‘yicha B oldinda. Agar murojaat narxi asosiy ko‘rsatkich sifatida oldindan tanlangan bo‘lsa, natijani shu bo‘yicha baholang. Budjetni o‘tkazishdan oldin ma’lumot yetarliligini va har bir variant murojaatlari savdoga qanday o‘tishini tekshiring.
Ishga tushirishdan oldin savdo bo‘limi bilan maqsadli murojaat ta’rifi, ma’lumot manbasi va murojaatni tekshirishga ajratiladigan vaqtni kelishib oling. Qoidalar ikkala variant uchun bir xil bo‘lishi kerak.
3. Qancha ma’lumot kerakligini aniqlang
Aytaylik, hozir saytning har 100 tashrif buyuruvchisidan 3 nafari murojaat qoldiradi. Qisqa forma konversiyani 3% dan 4% ga oshirishini tekshirmoqchisiz. Trafik teng taqsimlanganda, 5% ahamiyatlilik darajasi va 80% statistik quvvat bilan bunday solishtirish uchun har bir variantga taxminan 5 300 tashrif buyuruvchi kerak bo‘ladi. Bu ikki ulushni solishtirish uchun rejalashtirish taxmini; hisoblash usuli va tajriba shartlariga bog‘liq.
Rejalashtirish uchun ikki raqam kerak: joriy natija va biznes uchun ahamiyatli eng kichik yaxshilanish. Aniqlamoqchi bo‘lgan farq qancha kichik bo‘lsa, shuncha ko‘p tashrif buyuruvchi kerak bo‘ladi.
Variantlarni bir vaqtda ishga tushiring. Boshlashdan oldin kerakli ma’lumot hajmi, testning eng kam davomiyligi va oxirgi murojaatlarni qayta ishlash vaqtini belgilang. Bir variant uchinchi kuni oldinga chiqsa ham, testni reja bo‘yicha davom ettiring.
4. Qaror qabul qilish mumkinligini tekshiring
Avval rejalashtirilgan ma’lumot hajmi to‘planganini va ikkala variantda murojaatlar bir xil qoidalar bo‘yicha hisoblanganini tekshiring. So‘ng ikki savolga javob bering.
Farq qanchalik ishonchli ko‘rinadi? Masalan, konversiya 3% dan 4% ga oshdi. Ishonch oralig‘iga qarang: u farq qanchalik aniq baholanganini ko‘rsatadi. Agar oraliq o‘sishni ham, pasayishni ham qamrab olsa, g‘olibni ishonch bilan tanlash uchun ma’lumot hali yetarli emas.
Farq biznes uchun yetarlimi? O‘sish tasdiqlansa ham, u oyiga qancha qo‘shimcha maqsadli murojaat berishi, ularning qanchasi savdoga aylanishi va bu joriy etish xarajatlarini oqlashini baholang.
📋 Marketing eksperimenti kartasi
Ishga tushirishdan oldin
- Biznes savoli va qaror. Nimani bilmoqchimiz va natijaga ko‘ra qanday qaror qabul qilamiz? ___
- Gipoteza. Agar ___ ni o‘zgartirsak, ___ bo‘lishini kutamiz, chunki ___.
- Test variantlari. A — joriy variant ___ / B — yangi variant ___. Qaysi parametrni tekshiramiz? ___
- Ishga tushirish shartlari. Kanal va auditoriya ___ / A va B uchun bir xil ko‘rsatish sozlamalari va hisoblash qoidalari ___.
- Asosiy ko‘rsatkich. Nimani o‘lchaymiz ___ / qanday hisoblaymiz ___ / ma’lumot manbasi ___ / natija hisoblanadigan davr ___.
- Muvaffaqiyat mezoni. Joriy natija ___ / o‘zgartirishni joriy etishga arziydigan minimal yaxshilanish ___ / boshqa muhim ko‘rsatkichlarning maqbul chegaralari ___.
- Tanlanma va muddat. Har bir variant uchun kerakli ma’lumot ___ / testning eng kam davomiyligi ___ / oxirgi murojaat yoki savdolar qachon hisobga olinadi ___.
Yakunlangandan keyin
- Ma’lumotlarni tekshirish. Rejalashtirilgan hajm to‘plandimi? A va B natijalari bir xil hisoblandimi? Test davomida uzilish yoki o‘zgarishlar bo‘ldimi? ___
- Natija. A ___ / B ___ / farq ___ / baholash aniqligi va biznes uchun muhim chegaraga erishilgan-erishilmagani ___.
- Qaror va keyingi qadam. B ni joriy etamiz, A ni qoldiramiz yoki qo‘shimcha test rejalashtiramiz. Qaror va sabab ___ / mas’ul ___ / muddat ___.

